Rossiyada ishlash istagida bo‘lganlar tibbiy ko‘rikdan Toshkentda o‘tkaziladi

Rossiyada ishlash istagida bo‘lganlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasidan 40 nafar tibbiyot xodimi keldi.

Rossiyada ishlash istagida bo‘lganlar tibbiy ko‘rikdan Toshkentda o‘tkaziladi
Rossiyada ishlash istagida bo‘lganlar tibbiy ko‘rikdan Toshkentda o‘tkaziladi

Rossiyalik mutaxassislar qurilish sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun o‘n ming nafar o‘zbekistonlikni Rossiyaga tashkiliy tarzda ishga jo‘natish loyihasi doirasida kelishgan.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog‘liq xizmatlar – tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlarini ish beruvchilar tomonidan qoplanishini nazarda tutadi.

Tibbiyot xodimlarining O‘zbekistonga kelishi Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rikni Toshkentda o‘tkazilishiga imokniyat yaratadi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari A.Pudov boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida mehnat migrasiyasi masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazilib, qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun o‘n ming fuqaroni yaqin vaqt davomida soddalashtirilgan tartib asosida O‘zbekistondan Rossiyaga ishga jalb qilishga kelishilgan edi.