Pokiston atom bombasi otasi va «dunyoning eng xavfli kishisi» sanalgan olim vafot etdi. U yadroviy sirlarni KXDR va Eronga yetkazishda ayblangan

Pokistonlik yadroviy fizik Abdul Qodir Xon - Pokiston yadro dasturi otasi sanalgan olim Covid-19 oqibatlari tufayli olamdan o‘tdi. G‘arb maxsus xizmatlari uni dunyodagi eng xavfli kishilardan biri deb atagan, u atom bombasi yaratish texnologiyasini Shimoliy Koreya, Eron va Liviyaga yetkazgan.

Pokiston atom bombasi otasi va «dunyoning eng xavfli kishisi» sanalgan olim vafot etdi. U yadroviy sirlarni KXDR va Eronga yetkazishda ayblangan
Pokiston atom bombasi otasi va «dunyoning eng xavfli kishisi» sanalgan olim vafot etdi. U yadroviy sirlarni KXDR va Eronga yetkazishda ayblangan

Pokiston bosh vaziri Imron Xon mamlakat «milliy qahramoni»dan ayrilganini ma'lum qildi. «Xalqimiz uni sevardi, chunki uning xizmatlari tufayli biz yadro quroliga ega bo‘lgandik», deya yozgan Pokiston hukumati rahbari tvitter orqali.

85 yoshda bo‘lgan Abdul Qodir Xon yaqinda koronavirus tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

MRBning sobiq direktori Jorj Tenet uni kamida «Al-Qoida» rahbari va AQShdagi 11 sentabr hujumlari tashkilotchisi bo‘lgan Usama bin Lodin kabi xavfli shaxs ekanini aytgan.

2004 yilda Xon o‘zining rahbarligida yadro texnologiyalari xalqaro qora bozori faoliyat yuritganini tan olib, yadroviy sirlarni Eron, Shimoliy Koreya va Liviyaga yetkazish bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olgach, hibs qilingan. Telemurojaatida u «pushaymondaligi va kechirim so‘rashi»ni aytgan. Pokistonning o‘sha vaqtdagi prezidenti Parviz Musharraf uni afv etgan, ammo fizik 2009 yilga qadar uy qamog‘ida qolgan.

G‘arbdagilar Xonga haddan tashqari yumshoqlik qilinganidan norozi bo‘lishgan, vatanida esa u milliy g‘urur ramziga aylangan. «U bizga mamlakatimizni qutqarib qolgan yadroviy qurolga ega bo‘lishda yordam bergan. Minnatdor xalqimiz uning xizmatlarini hech qachon unutmaydi», deydi Pokiston prezidenti Arif Alvi.

Pokiston yadro bombasini qanday qilib qo‘lga kiritgan?
BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha korrespondenti, Xon haqida kitob yozgan Gordon Koreraning ma'lumotiga ko‘ra, ushbu fizik 1970-yillarda Niderlandiyada, uranni boyitish uchun gaz sentrifugalarini ishlab chiqaruvchi URENCO (Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya) Yevropa konsorsiumida ishlagan. Aynan o‘shanda Pokiston yadro qurolini ishlab chiqarishga kirishgandi, mamlakat 1971 yilda Hindistondan harbiy mag‘lubiyatga uchragan va raqib tomon birinchi bo‘lib atom bombasiga ega bo‘lishidan xavfsiragan.

Xon o‘zi haqida Pokiston yadroviy dasturining asosiy figurasi degan tasavvurni yaratishga muvaffaq bo‘lgan / Reuters

Koreraning so‘zlariga ko‘ra, Xon «shunchaki eng ilg‘or sentrafugalar qurilmalari chizmalarini ko‘chirib olib uyga qaytishga muvaffaq bo‘lgan». Shundan so‘ng u asosan yevropalik biznesmenlardan iborat maxfiy tarmoq ochgan, uni sentrifugalar yaratish uchun zarur komponentlar bilan ta'minlab turishgan. Boyitilgan uran atom elektrostansiyalari faoliyati uchun qo‘llanadi, agar boyitish darajasi yetarlicha yuqori bo‘lsa, atom quroli yaratish uchun foydalanish ham mumkin.

1998 yilga kelib, Hindiston ortidan Pokiston ham o‘z yadro qurolining ilk sinovini o‘tkazdi.

Xonni Pokiston atom bombasi «otasi» deb ta'riflangan, lekin u aslida mamlakat yadro dasturidagi muhim figuralardan birigina bo‘lgan, xolos. Shu bilan birga, fizik o‘zini dasturdagi eng muhim shaxs sifatida namoyon eta olgan va natijada uni milliy qahramondek qabul qilishgan. Aynan uni Hindistonning yadroviy tahdidiga qarshi kurashda Pokistonga yordam bergan shaxs deb hisoblashgan.

Chetlatib qo‘yilgan mamlakatlar uchun yadroviy qo‘llanma
Gordon Koreraning so‘zlariga ko‘ra, keyingi harakatlari Xonni dunyo uchun yanada e'tiborliroq shaxsga aylantirgan. U o‘zining maxfiy tarmog‘ini importdan eksportga yo‘naltirgan, butun dunyo bo‘ylab tez-tez safarlarga chiqa boshlagan hamda G‘arbdagilar xalqaro maydondan chetlatgan davlatlar bilan kelishuvlar tuzgan.

Natanzdagi yadro obektida uran sentrifugalari asosan Abdul Qodir Xon taqdim etgan chizmalar va materiallar evaziga qurilgan. Uchrashuvlardan birida pokistonlik fizikning vakillari eronliklarga Tehron buyurtma berishi mumkin bo‘lgan turli yadro komponentlari prays-listini ko‘rsatishgan.

Xon bir necha marta Shimoliy Koreyaga ham borgan. Taxminlarga ko‘ra, u bu mamlakatda raketalar yaratish bo‘yicha tavsiyalar evaziga yadro texnologiyalarini almashtirish jarayonida qatnashgan.

Bu kelishuvlardagi eng jumboqli jihat shuki - Xon o‘zi yolg‘iz va mustaqil harakatlanganmi yoki hukumat topshirig‘ini bajarganmi? Masalan, Shimoliy Koreya bilan muzokaralar borasida Pokiston rahbarlari nafaqat jarayondan xabardor bo‘lgani, balki unda bilvosita ishtirok etganining ko‘plab belgilari mavjud.

Ayrimlarning aytishicha, Xonni faqat pul qiziqtirgan. Ammo bari bu qadar oddiy emas. U nafaqat Pokiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilgan, balki G‘arb davlatlarining yadroviy qurollar sohasidagi monopoliyasiga qarshi chiqqan. U G‘arbni ikkiyuzlamachilikda ayblagan va nega ayrim davlatlarga xavfsizligini ta'minlash uchun kerakli vositalarga egalik qilishga ruxsat berilishi, boshqalar esa bunday huquqqa ega bo‘lmasligi borasida savollar qo‘ygan. «Men qandaydir aqldan ozgan jinni emasman. Ular meni yoqtirishmaydi va barcha og‘ir gunohlarda ayblashadi, men haqimda asossiz uydirmalar tarqatish bilan shug‘ullanishadi, chunki men ularning strategik rejalariga xalal beraman», degandi u bir safar.

Ammo, Gordon Koreraning yozishicha, u kitobi yozilishi vaqtida uchrashgan ayrim kishilar Xon uchun baribir moddiy rag‘bat birinchi o‘rinda turganini aytishgan. Fizik 1990-yillar oxirida Liviya bilan tuzilgan kelishuv uchun kattagina pul ishlab olgan, ammo bu shartnoma uning taqdirini hal qilgan.

Xonning faoliyati Britaniya maxsus xizmati (MI-6Z) va Amerika MRB tomonidan sinchkovlik bilan kuzatilishi boshlanagn. G‘arb maxsus xizmatlari uni safarlari vaqtida kuzatishgan, telefon orqali muzokaralarini eshitishgan va uning atrofidagi doiralarga o‘z odamlarini qo‘yishga harakat qilishgan. Uning xodimlariga ma'lumot berib turishi uchun katta pullar taklif qilingan - ayrim holatlarda million dollargacha.

«Bizning odamlar uning uyida, uning obektlarida, ofisida, umuman u qayerga borsa o‘sha joylarda bo‘lishgan», deya eslaydi MRB amaldorlaridan biri.

So‘nggi shartnoma
2001 yil 11 sentyabrida AQShda amalga oshirilgan teraktlardan keyin G‘arb mamlakatlari terrorchilar yadro quroliga ega bo‘lishidan yanada ko‘proq xavfsiray boshlashdi. Shuning uchun ular yangi kuch bilan Pokiston hukumatini Xonga qarshi qandaydir chora ko‘rishga unday boshlashdi.

2003 yilda AQSh va Buyuk Britaniya ommaviy qirg‘in quroli borligi haqidagi gumonlarga asoslangan holda Iroqqa bostirib kiradi.

Shundan so‘ng Liviyaning o‘sha vaqtdagi rahbari Muammar Qazzofiy o‘z yadro dasturidan voz kechadi. Avvaliga Liviyaga MI-6 va MRB xodimlarining maxfiy tashrifi amalga oshiriladi, ko‘p o‘tmay Tripolining qarori rasman e'lon qilinadi. Bu Vashingtonga Pokistonga Xon muammosini hal qilish maqsadida yakuniy bosimni uyushtirish imkonini beradi.

Fizikni uy qamog‘iga olishadi va hatto uni televideniye orqali xalqdan uzr so‘rashga majbur qilishadi. Qolgan kunlarini u na erkin fuqaro va na mahbus sifatida o‘tkazadi. Pokistonliklar uni atom bombasi yaratilishida qo‘shgan hissasi uchun milliy qahramon deb hisoblashadi, shu bilan birga unga mamlakat hududini tark etish va tashqi dunyo bilan har qanday aloqada bo‘lish man etiladi.

Shu tufayli u aynan nima ish qilgani va unda bunga qanday sabablar bo‘lgani haqidagi to‘liq kartina mavhumligicha qoldi.