Hammasiga Eynshteyn aybdormi – yadroviy qurol ustida ishlangan «Manhetten loyihasi» qanday boshlangandi?

100 ming kishi o‘limiga sabab bo‘lgan AQSh yadroviy quroli yaratilishiga turtki bo‘lgan voqea 1939 yilning 11 oktyabrida yuz beradi. O‘shanda Eynshteynning prezident Franklin Ruzvelt oldiga nemislar yadroviy qurol ustida ishlayotgani haqidagi maktubi olib kirilgandi.

Hammasiga Eynshteyn aybdormi – yadroviy qurol ustida ishlangan «Manhetten loyihasi» qanday boshlangandi?
Hammasiga Eynshteyn aybdormi – yadroviy qurol ustida ishlangan «Manhetten loyihasi» qanday boshlangandi?

Eynshteyn xavotiri insoniyat tarixini o‘zgartirib yubordi

1930-yillarda Germaniyada Gitler hukumati o‘rnatilib, yahudiy millatidagilarni siquvga olish boshlanadi. Ta'qibdan qochib, ko‘pchilik yahudiylar Amerikadan boshpana so‘rab kelishga majbur bo‘lgan. Ular orasida otasi yahudiy bo‘lgan Albert Eynshteyn ham bor edi. Kimyodagi so‘nggi tadqiqotlar asosida bomba ishlab chiqish dasturini ilgari surgan Leo Silard ham muhojirlar safida edi. Germaniya rejasidan xabardor ikki olim nemislar atom bombasi poygasida g‘olib bo‘lishni maqsad qilgani haqida Ruzveltni ogohlantirishga qaror qiladi. 1939 yil 2 avgustda prezidentga maktub yoziladi. Xatni Ruzveltning norasmiy maslahatchisi va Wall Street Journal iqtisodchisi Aleksandr Saks 11 oktyabrda Ruzveltga olib kiradi. Unda Germaniya urandan foydalanib, zanjirli reaksiyalar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazayotgani haqida yozilgandi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, bu zanjirli reaksiya bilan katta quvvat ishlab chiqarish va bu orqali aql bovar qilmaydigan darajadagi kuchli bomba ixtiro qilish mumkin.

Foto: Los Alamos National Laboratory/The LIFE Picture Collection/Getty Images

Yadroviy qurolni ixtiro qilish uchun yetarli mablag‘ni topish haqida o‘ylagan Ruzvelt dastlab biror qarorga kelolmaydi. Oradan 8 kun o‘tib, 19 oktyabrda Eynshteynga javob xati yozadi va uranni o‘rganish uchun qo‘mita tuzganini ma'lum qiladi.

Ikkinchi jahon urushini AQSh foydasiga hal qilgan loyiha

“Manhetten loyihasi” 1939 yilda AQSh, Britaniya va Kanada hamkorligida boshlanadi. Ruzvelt dastlab Uran ustida ish olib boruvchi maslahat qo‘mitasini tuzdi. Olimlar va harbiylar jamoasidan iborat guruhga uranning yadroviy quroldagi ahamiyatini o‘rganish topshiriladi. Qo‘mita xulosasidan keyin, Ruzvelt fizik olimlar Enriko Fermi va Leo Silardga radioaktiv izatoplarni ajratish va yadroviy zanjirlar reaksiyasini o‘rganish uchun mablag‘ ajratadi.

1942 yilda Nyu-Yorkning Manhetten shahrida shu nomdagi muhandislik okrugi tashkil qilinadi. Loyihani boshqarish AQSh armiyasi polkovnigi Lesli Grovesga topshiriladi.

Fiziklar Fermi va Leo atomlar ajralib ketadigan va o‘zaro ta'sir qiladigan yadro zanjiri reaksiyalari bo‘yicha tadqiqotlar olib borishdi. Natijada “Uran-235” ishlab chiqarish uchun muvaffaqiyatga erishildi.

Bu paytda Kanada hukumati va harbiylari mamlakatning turli nuqtalarida yadroviy tadqiqotlar o‘tkazishayotgandi. 1942 yilning 28 dekabrida Ruzvelt barcha kuchlarni yadro energiyani qurolga aylantirish uchun birlashtiradi. Nyu-Mexiko, Tennessi, Vashington va Kanadaning olis joylariga atom sinovlarini o‘tkazish uchun uskunalar o‘rnatiladi.

Ilk yadroviy qurol sinovdan o‘tgan laboratoriya

1943 yilda Nyu-Mexikoda ilk yadroviy qurol sinovdan o‘tgan laboratoriya Los-Alamos tashkil qilinadi. Bu yerda fizik olim Robert Oppenheymer yadroviy bo‘linish konsepsiyasi ustida ishlayotgandi.

Tadqiqotlar deyarli yakunlanib, 1945 yil 16 iyulda Nyu-Mexiko shtatidagi Alamogordo yaqinidagi cho‘lda birinchi atom bombasi muvaffaqiyatli uchirildi. Bu paytda Oppenheymer qo‘l ostidagilar uranga asoslangan “Kichik bolakay” va plutonli “Semiz odam” bombalarini yaratishgandi. 

Shunday qilib, “Manhetten loyihasi” qariyb 2 milliard dollarga tushdi va 130 mingdan ortiq odamni ish bilan ta'minladi. Ishlar Manhettenda boshlangan bo‘lsa ham, yadroviy qurolni ishlab chiqarish va tadqiqotlar AQSh, Britaniya va Kanadaning 30 nuqtasida olib borilgan.

“Kichik bolakay” va “Semiz odam”ning Yaponiyaga tashlanishi

1941 yilda Yaponiyaning Perl-Harborga hujumidan keyin AQSh Ikkinchi jahon urushiga kiradi va urush yakunida Yaponiyaga nisbatan atom qurolini qo‘llaydi. Ikki mamlakat o‘rtasida kelishuv bo‘lavermagach, AQSh yadroviy qurolni tashlash uchun Hirosima shahrini (bu yerda amerikalik mahbuslar yo‘q edi) tanladi.

1945 yil 6 avgustda “Kichik bolakay” deb nomlangan bomba Hirosimaga tashlandi. Qariyb 600 metr balandlikdan tashlangan yadroviy qurol hali sinovdan o‘tmagandi. Shundan so‘ng ham Yaponiya taslim bo‘lmagach, “Semiz odam”ni Nagasakiga tashlashga qaror qilishadi. Bu falokat 9 avgustda sodir bo‘ldi. Portlashlarda jami 100 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Yaponiya esa 10 avgust kuni AQShga taslim bo‘lganini e'lon qildi.

Bilganimda barmog‘imni ham qimirlatmagan bo‘lardim”

1947 yilda Amerikada har kun chiqadigan Newsweek jurnalida “Hammasiga u aybdor” maqolasi e'lon qilinadi. Unda atom bombalarini yaratishda AQShga ilhom bergani uchun Eynshteyn aybdor qilingandi. Olim esa bunga javoban maktub uchun juda afsusdaligini bildiradi.

“Nemislar atom bombasini ishlab chiqa olmasligini bilganimda, barmog‘imni ham qimirlatmagan bo‘lardim”, deydi u.

Fashistlar Eynshteyn va uning safdoshlari qo‘rqqan yadroviy qurolni oxirigacha yaratolmadi, ularga aql kuchi yetishmasdi. Chunki o‘sha paytda ko‘plab olimlar fashistlar bosib olgan hududlardan qochib ketishgandi, mamlakatda birinchi darajali yadroviy olimlar safi juda siyraklashib qolgandi.

“Manhetten loyihasi” Yaponiya boshiga kulfat keltirgan bo‘lsa-da, insoniyatga ham xizmat qila oldi. Loyiha muhandislari ishlab chiqqan yadroviy bo‘linish texnologiyasi keyinchalik yadroviy reaktorlarni yaratish, energiya generatorlari, MRT apparatlari va saratonni davolovchi radioterapiyalar kashf qilinishiga yordam berdi.